Oʻzbekiston kapital bozoridagi «Regulyatorlik sandboksi» rejimi doirasida yangi hujjat qabul qilindi: Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) xorijiy qimmatli qogʻozlar qanday muomalada boʻlishini belgilaydigan nizomni maʼqulladi. Hujjat Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtgan va 12-noyabrdan kuchga kirgan. Biroq barcha xorijiy aksiyalar savdosi avtomatik boshlanmaydi: har bir qogʻoz NAPP ruxsatini olishi, brokerlar esa rejim talablarini bajarib, texnik infratuzilmani tayyorlashi kerak.
Qaysi qogʻozlar va qanday savdo qilinadi
Nizom xorijiy fond indekslaridagi aksiyalarni, xorijiy kompaniyalarning obligatsiyalarini, chet davlatlarning davlat obligatsiyalarini, ETF paylari va aksiyalarini, indeks fondlarining qimmatli qogʻozlarini, shuningdek depozitariy tilxatlarini oʻz ichiga oladi.
Savdo qilishning ikki usuli nazarda tutilgan. Birinchisi — Oʻzbekiston fond birjasi yoki mahalliy broker platformasi orqali. Bunda Markaziy depozitariy xorijiy qogʻozlar bilan taʼminlangan instrumentlarni yaratadi, qogʻozlarning oʻzi uning xorijdagi hisobvaragʻida saqlanadi. Mahalliy instrumentning bir birligi bazaviy aktivning bir birligiga teng. Depozitariy instrumentlar sonini aktivlar bilan muntazam solishtirib turishi shart: farq aniqlansa, yangi bitimlar cheklanadi.
Ikkinchi usul — xorijiy vositachi bilan ishlaydigan oʻzbekistonlik broker platformasi orqali qogʻozlarni xorijiy maydonchalarda bevosita sotib olish va sotish.
Kimlar ishtirok etishi mumkin
Qoidalar malakali investorlarga moʻljallangan — jismoniy ham, yuridik shaxslar ham. Jismoniy shaxs quyidagi shartlardan bittasini bajarsa yetarli:
- kamida 5000 dollarlik mablagʻ, qimmatli qogʻozlar yoki boshqa moliyaviy instrumentlarga ega boʻlish;
- oxirgi 12 oy davomida broker qoidalarida belgilangan hajmlarda qimmatli qogʻozlar bilan bitimlar tuzish;
- Oʻzbekiston qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisining malaka sertifikatiga ega boʻlish;
- CFA, CIIA, FRM yoki broker tan oladigan boshqa sertifikatlarga ega boʻlish;
- tegishli yoʻnalishda oliy maʼlumotga ega boʻlish;
- qogʻozlar bilan operatsiyalar, investitsiya qarorlari yoki risklarni boshqarish bilan bogʻliq lavozimlarda kamida ikki yil ishlagan boʻlish.
5000 dollar — xorijiy aksiyalarga majburiy sarmoya hajmi emas, balki maqomni olish uchun asoslardan faqat biri. Mezonlarga muvofiqlikni broker tekshiradi. Bundan tashqari, shaxs masofaviy shaklda ham oʻtkazilishi mumkin boʻlgan testdan oʻtishi kerak. Broker qaroriga koʻra, tajriba, taʼlim yoki malakasi mos keladiganlar bu testdan ozod etilishi mumkin. Brokerlar qoʻshimcha talablar joriy qilishga va murakkab hamda xatarli instrumentlarga kirishni cheklashga haqli.
Moliya tashkilotlari malakali investor sifatida avtomatik tan olinadi. Boshqa kompaniyalar sof aktivlar, xodimlar malakasi va bitimlar tajribasi boʻyicha talablarga javob berishi kerak. Investitsiya vositachisi bilan shartnomani raqamli identifikatsiyadan oʻtib, masofaviy tuzish mumkin.
Cheklovlar va reyestr
Xorijiy qogʻozlarni qarz mablagʻlari hisobidan sotib olish mumkin emas. Kompaniyalar tovar va xizmatlar eksportidan yoki boshqa ruxsat etilgan manbalardan olingan oʻz valyutasidan foydalanishi mumkin, konvertatsiyadan olingan valyutadan esa emas.
Savdoga istalgan aktiv emas, faqat NAPP reyestriga kiritilgan qogʻozlar chiqariladi. Ular ISIN yoki boshqa rasmiy identifikatorga ega boʻlishi va oxirgi kalendar yil yakuniga koʻra umumiy kapitalizatsiyasi kamida 1 trln dollar boʻlgan xorijiy maydonchada savdo qilinishi kerak. Ariza broker, bank yoki xorijiy nominal egasi tomonidan beriladi; NAPP hujjatlarni koʻrib chiqib, 10 ish kuni ichida qaror qabul qiladi. Qogʻozlar hajmi Markaziy bank bilan kelishiladi; shu vaqt uchun arizani koʻrib chiqish koʻpi bilan 10 kunga toʻxtatib turilishi mumkin.
Hisob-kitoblar, toʻlovlar va soliqlar
Barcha hisob-kitoblar xorijiy valyutada amalga oshiriladi. Mahalliy maydonchalarda savdo qilish uchun brokerlar Markaziy depozitariyning agent bankida valyuta hisobvaraqlarini ochadi. Jismoniy shaxslar hisobvaraqni agent bank orqali naqd valyuta bilan yoki oʻz hisobvaraqlaridan oʻtkazma yoʻli bilan toʻldiradi; brokerlar oʻz kassalarida naqd pul qabul qilishga haqli emas.
Mahalliy broker va xorijiy vositachi oʻrtasidagi oʻtkazmalar tashqi savdo operatsiyalari hisoblanmaydi, shuning uchun shartnomalarni «E-kontrakt»da roʻyxatdan oʻtkazish shart emas. Sotishdan tushgan daromad va dividendlar mijoz hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Mijoz ularni qayta sarmoyaga yoʻnaltirishi, brokerda qoldirishi yoki Oʻzbekistondagi valyuta hisobvaragʻiga yoxud kartasiga chiqarib olishi mumkin. Broker investor topshirigʻi boʻyicha pulni uch bank kunidan kechiktirmay oʻtkazishi shart. Agar xorijiy vositachi mablagʻni brokerga besh ish kuni ichida oʻtkazmasa, broker, alohida holatlar (masalan, hisobvaraq sanksiyalar sababli bloklanganda) bundan mustasno, mijozga oʻz mablagʻidan toʻlashi kerak.
Soliqlar Oʻzbekiston qonunchiligiga muvofiq toʻlanadi; nizom maxsus imtiyozlar joriy etmaydi.
NAPPning savdoni toʻxtatib qoʻyish huquqi
Agentlik qoidabuzarliklar, bozor manipulyatsiyasi, taʼminot yetishmasligi, jiddiy nosozliklar va xorijiy maydonchada savdo toʻxtatilgan holatlarda qogʻozlar muomalasini toʻxtatib qoʻyishi mumkin. Qarorda sabablar, muddatlar va qayta tiklash shartlari koʻrsatiladi.
Bu nimani anglatadi
Oʻzbekistondagi malakali investorlar mahalliy brokerlar orqali xorijiy aktivlarga sarmoya kiritish imkoniyatiga ega boʻladi. Qoidalar prezidentning 2025-yil 18-dekabrdagi farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan; ushbu farmon bilan «Regulyatorlik sandboksi» rejimi muddatsiz boʻldi. Siyosatning maqsadi — 2030-yilga borib fond bozoriga qoʻshimcha 1 mlrd dollar investitsiya jalb qilish.
Bundan tashqari, xorijiy investorlarga respublikada broker hisobvaragʻini ochmasdan oʻzbek kompaniyalarining aksiya va obligatsiyalarini sotib olishga ruxsat beriladi.