Xalqaro investitsiya nizolarini hal qilish markazi (ICSID) arbitraj tribunali Turkiya fuqarosi Mehmet Zeki Obuz va boshqa shaxslarning Oʻzbekistonga qarshi daʼvosi boʻyicha qaror chiqardi. Adliya vazirligi maʼlum qilishicha, tribunal daʼvogarlarning barcha talablarini rad etgan. 26-oktabrdagi qaror tomonlar uchun yakuniy hisoblanadi.
Nizo nimaga doir edi
Daʼvo Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi 1992-yilgi investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisidagi kelishuv asosida berilgan. Nizo oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonaga oid edi. Mehmet Zeki Obuzdan tashqari, daʼvogarlar orasida Seyde Yilmaz, Xurie Obuz va Obuzlar Gida kompaniyasi ham bor edi.
Avvalroq xabar qilinishicha, Obuz Oʻzbekistonda biznes yuritgan, keyin tovarlarni kontrabanda qilishda va soliqlardan bosh tortishda ayblanib, qamoqqa tushgan. Daʼvo berilgan paytda bu 2017-yildan buyon respublikaga qarshi qoʻzgʻatilgan birinchi arbitraj ishi edi.
Jarayon qanday kechdi
- 2021-yil 4-iyunda ariza ICSIDda roʻyxatdan oʻtkazildi;
- 2022-yil 15-fevralda arbitraj tribunali shakllantirildi;
- 2024-yil iyul oyida Vashingtonda asosiy sud majlislari oʻtkazildi;
- joriy yilning 19-oktabrida ish yuritish yakunlandi, bir haftadan soʻng markaz qarorni eʼlon qildi.
Oʻzbekiston manfaatlarini Adliya vazirligi bilan birga amerikalik Curtis, Mallet-Prevost, Colt & Mosle yuridik firmasi himoya qildi.
Yakun
Besh yil oldin boshlangan sud jarayoni Oʻzbekiston foydasiga yakunlandi: tribunal daʼvogarlarning birorta talabini qanoatlantirmadi. Nizolashayotgan tomonlar uchun qaror yakuniy hisoblanadi.