IIHK nima haqida xabar berdi
Hormuz boʻgʻozidan oʻtishga urinayotgan ikki neft tankeri dengiz minalariga urilib portladi. Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIHK) maʼlumotiga koʻra, ikkala kemada ham portlash sodir boʻlgan, soʻng yongʻin boshlangan. IIHK Eron Qurolli kuchlari tarkibiga kiradi.
Voqea haqidagi bayonot korpusning rasmiy Telegram-kanalida eʼlon qilingan.
Eron harbiylarining versiyasi
Bayonotda aytilishicha, ikkala tanker ham yuklarni noqonuniy tashish bilan shugʻullangan. Kemalar aynan qanday yuk tashigani aniqlashtirilmagan.
Eron harbiylari maʼlumotiga koʻra, tankerlar boʻgʻoz akvatoriyasida ruxsat etilmagan yoʻnalish boʻylab harakatlangan. Ularda navigatsiya asboblari va avtomatik identifikatsiya tizimlari oldindan oʻchirib qoʻyilgan. IIHK taʼkidlashicha, aynan shu sabab kemalar mina toʻsiqlariga duch kelgan.
Hozircha nimalar maʼlum emas
Xabarda tankerlarning nomlari, bayrogʻi va qaysi tomonga qarashli ekani haqida maʼlumot yoʻq. Ekipaj aʼzolaridan jabrlanganlar bor-yoʻqligi aytilmagan, zarar koʻlami ham nomaʼlum. Voqea haqidagi axborot hozircha Eron tomonining bayonotiga asoslanmoqda.