Estoniya 1-dekabrdan Rossiya bilan chegaradagi barcha chegara oʻtkazish punktlarini yopadi. Bu haqda yakshanba kuni mamlakat Tashqi ishlar vazirligi maʼlum qildi. Qaror shanba kuni Estoniyaning uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqaruvchisi Threod Systems kompaniyasiga qarshi sodir etilgan diversiyadan keyin eʼlon qilindi.
Nima sodir boʻldi
Estoniya Ichki xavfsizlik xizmati maʼlumotiga koʻra, hujum shanba kuni erta tongda amalga oshirilgan. Uning maqsadi kompaniya binolarida portlash va yongʻin chiqarish boʻlgan. Bosh vazir Kristen Mixal diversiya ortida Rossiya harbiy razvedkasi turganini bildirdi.
Mixal «sezilarli zarar»ning oldi kuchaytirilgan xavfsizlik choralari va huquqni muhofaza qilish idoralarining tezkor harakati tufayli olinganini yozdi. Uning soʻzlariga koʻra, hujumda gumon qilinayotganlar ushlangan. Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabariga koʻra, hibsda sakkiz kishi bor.
Threod 2012-yilda tashkil etilgan. Kompaniya uchuvchisiz uchish apparatlari va kuzatuv tizimlarini ishlab chiqadi va chiqaradi, ular orasida Eos dronlari va eOpic elektrooptik tizimlari bor. Uning bosh ofisi Tallin yaqinidagi Viymsi volostida joylashgan.
Tallinning mavqeyi
Tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna Estoniyada ishonchli dalillar borligini aytdi: diversiya haqidagi buyruqni GRU bergan. U Rossiya Estoniyaga qarshi dushmanlik harakatlari oqibatsiz qolmasligini tushunib olishi kerakligini taʼkidladi.
Vazirning fikricha, oʻtkazish punktlarining yopilishi Rossiyaning Estoniya hududida dushmanlik harakatlari qilish imkoniyatlarini qisqartiradi. Bundan tashqari, bu sanksiyalarni aylanib oʻtishning oldini olish borasidagi saʼy-harakatlarni kuchaytiradi. Tsaxkna qaror haqida Finlyandiya, Latviya va Litvadagi hamkasblarini xabardor qildi.
Tashqi ishlar vazirligining X platformasidagi bayonotida Estoniya xavfsizligini qoʻrqitish, beqarorlashtirish yoki zaiflashtirishga urinishlar «oʻz bahosiga ega boʻladi», deyilgan. Mixal sodir boʻlgan voqeani Rossiyaning Yevropaga qarshi kengroq gibrid urushining bir qismi deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, bunda maqsad Ukrainaga yordamni va Rossiyaga bosimni susaytirishdir. U ilgari Estoniya odamlar va milliy xavfsizlik uchun xavflarni kamaytirish maqsadida zarur boʻlsa chegarani yopishga tayyorligini aytgan edi.
Kontekst
Avgust oyida Estoniyaning yana bir mudofaa konserni — Milrem Robotics qasddan yondirildi. Estoniya rasmiylari bu yondirishga Rossiya maxsus xizmatlari buyurtma berganini maʼlum qildi.
Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabining Bosh boshqarmasi, avvalgi GRU soʻnggi yillarda Yevropadagi koʻplab gibrid hujumlarga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Bu idora boshqa Rossiya maxsus xizmatlari bilan birga diversiyalar uchun mahalliy agentlarni jalb qilishga tez-tez urinadi, deb hisoblanadi.
Estoniya NATOning sharqiy qanotida joylashgan. U va boshqa Boltiqboʻyi davlatlari Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli bosqini bilan bogʻlanayotgan xavfsizlik tahdidlariga ayniqsa zaif. Mintaqada kiberhujumlar, dronlarning kirib kelishi va diversiyaga urinishlar haqidagi xabarlar soni tez oshmoqda.