Bragadagi uchrashuvda daniyaliklar 4:1 hisobida gʻalaba qozondi. Portugaliya uchun bu natija tarixiy boʻldi: jamoa oʻz maydonida rasmiy oʻyinda hech qachon uch gol farqi bilan yutqazmagan edi.
Oʻyin qanday kechdi
Mehmonlar hisobni 43-daqiqada ochdi: Pyer-Emil Xoyberg penaltini golga aylantirdi. Tanaffusdan keyin daniyaliklar ustunlikni tez oshirdi. Rasmus Xoylund 50- va 57-daqiqalarda ikki marta gol urdi. 75-daqiqada Yoakim Andersen hisobni 4:0 ga yetkazdi.
Uy egalari faqat qoʻshimcha vaqtda javob qaytara oldi: Bernardu Silva gol urdi.
Sardor bilan xayrlashuv
Oʻyin boshlanishidan oldin stadion Ronaldu bilan iliq xayrlashdi. Terma jamoa futbolchilari maydonga yettinchi raqamli va sobiq sardor familiyasi yozilgan futbolkalarda chiqdi. Muxlislar «Rahmat, sardor» yozuvli banner tayyorlagan edi.
Ronaldu milliy jamoa safida 2003-yildan beri maydonga tushgan: 234 ta oʻyin oʻtkazgan va 146 ta gol urgan. Uning jamoadagi eng katta yutugʻi 2016-yilgi Yevropa chempionatida gʻolib boʻlish edi.
Antirekordlar va turnir holati
Oʻz maydonidagi gol farqi boʻyicha eng yirik magʻlubiyatdan tashqari, Portugaliya 2010-yildan buyon ilk bor oʻz maydonida toʻrtta gol oʻtkazib yubordi. Oʻshanda jamoa Kipr bilan 4:4 hisobida durang oʻynagan edi.
Turnir holatiga bu magʻlubiyat taʼsir qilmaydi: portugaliyaliklar Millatlar ligasi pley-offiga yoʻllanmani bu oʻyindan oldinoq qoʻlga kiritgan edi. Jamoa guruh bosqichining yakuniy oʻyinini 18-noyabrga oʻtar kechasi jadvalda oxirgi oʻrinda turgan Uels bilan oʻtkazadi.
Millatlar ligasining boshqa natijalari
Bundan avval Fransiya terma jamoasi oʻzaro uchrashuvda kutilmagan magʻlubiyatga uchrab, guruhdagi birinchi oʻrinni italiyaliklarga boʻshatib berdi. Qozogʻiston terma jamoasi C divizionining beshinchi turida Moldova jamoasiga yutqazdi.